$
12610.17 UZS
-9.84
135.24 UZS
-0.5
13526.93 UZS
4.59
26° Kechasi 12°

Karimovga suiqasd. Fevral voqealariga 25 yil to‘ldi

10:19 / 16.02.2024

Aksariyat odamlar shunchaki eshitgan, o‘tgan asr kishilaridan ko‘pchiligining yodiga muhrlangan mudhish voqeaga 25 to‘ldi. To‘g‘ridan-to‘g‘ri O‘zbekiston mustaqilligiga tahdid, birinchi prezident Islom Karimov va boshqa bir qancha mansabdor shaxslarga suiqasd. Voqea aslida qanday bo‘lgan? Toshkentdagi portlashni kimlar uyushtirgan edi? Bundan ko‘zlangan maqsad nima? Mazkur terrorchilikka Karimov qanday reaksiya bildirgan? Quyidagi maqolada kengroq va batafsil gaplashamiz.

Bugungi avlod vakillari faqatgina eshitgan yoki qayerdadir ko‘zi tushgan, ammo o‘rta yoshli kishilarning yodida yaxshigina qolgan va ayrimlari ko‘zi bilan ko‘rgan 16-fevral voqealariga 25 yil to‘ldi. Poytaxtda sodir etilgan terakt eng katta qo‘poruvchilik harakati deya baholanadi. 1999-yil 16-fevral kuni Toshkentning Mustaqillik maydoni, Ichki ishlar vazirligi va Milliy bank binolari yonida 6 ta portlash yuz beradi. Ulardan beshtasida portlovchi moddalar to‘ldirilgan mashinalar portlatiladi. Portlash natijasida 16 kishi halok bo‘ladi va 100 dan ortiq odam jarohatlanadi.

 
Ayni o‘sha kuni Vazirlar Mahkamasi binosida 1998-yil yakunlari bo‘yicha yig‘ilish bo‘lib o‘tishi va unda prezident Islom Karimov ham qatnashishi kerak edi. Portlashlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri davlat rahbariga va amaldagi konstitutsiyaga qilingan suiqasd va hokimiyatni ag‘darishga qilingan harakat edi.

O‘sha paytda Prezident matbuot kotibi va Oliy Majlis deputati bo‘lgan Azamat Ziyo bu voqealarni shunday eslaydi: “O‘sha kuni taxminan 09:45 larda avtomatdan otilgan o‘q ovozini eshitib qoldik. Keyin men Prezident soqchilarining biridan Prezident kelgan, kelmaganini so‘radim. Soqchi Prezident deyarli kelib bo‘lganini aytdi. Men pastga qarab yugurdim. Shunda 3-qavatlarga yetganimda judayam kuchli portlash sodir bo‘ldi”.


Azamat Ziyoning eslashicha, u Islom Karimovni xavfsiz joyga ketishga undagan. Ammo davlat rahbari bunga javoban: “Bu gapni bir marta gapirding, boshqa gapirmagin! Bu nafaqat menga qaratilgan, balki eng avvalo, xalqimizga, davlatimizga va mustaqilligimizga qarshi qaratilgan xurujdir”, degan va aynan portlashlar sodir bo‘lgan joyga yo‘l olgan.

MXX rahbari Rustam Inoyatov va ichki ishlar vaziri Zokirjon Almatov hamrohligida Islom Karimov portlash yuz bergan joylarga borib, shaxsan o‘zi ko‘zdan kechiradi. Odatda ko‘rinish bermaydigan prezident qo‘riqchilari avtomatlar bilan davlat rahbariga zich yurib, harakatlanadi.

 
Hali terroristik harakatlar tugamagan bir paytda prezident voqea joyidan turib, xalqqa murojaat yo‘llaydi: “Mana shu binoda shkastlangan va yaralangan insonlar bor. O‘ylaymanki, bunga kimdir chuqur tayyorgarlik ko‘rgan. Maqsadi prezidentni yo‘q qilish, xalqimizning tinchligini buzish va kerak bo‘lsa qo‘rqitish, odamlarning yuragiga vahima kirgizish. Mana, O‘zbekistonda tinchlik buzildi, mana bizlarning kuchimiz bor, ta’sir qila olamiz va kerak bo‘lsa, O‘zbekistonni yo‘ldan bura olamiz deb kimdir katta tayyorgarlik ko‘rgan. Lekin bizning qudratimiz va kuchimiz yetarli. Bizni hech qanday kuch yo‘ldan urolmaydi. O‘ylaymanki, bugungi olib borayotgan siyosatimizni xalqimiz qo‘llab-quvvatlaydi. Biz uchun eng katta kuch shu. Mana shu joydan turib, xalqimizga murojaat qilib aytmoqchiman: vahima bo‘lmasin, agar menga yordam bermoqchi bo‘lsangiz vahima bo‘lmasin. Kuchimiz yetadi bularni joy-joyiga qo‘yishga, nafaqat joyiga qo‘yishga, balki bu muttahamlarning qo‘lini kesib, tashlashga ham qurbimiz yetadi, kuchimiz yetadi. Xalqimiz shuni bilsin”. Karimov intervyu berayotgan bir paytda orqa tomonda yana bir portlash yuz beradi.


Bu paytda odatdagi tartibda ishlayotgan markaziy telekanalda “Shaytanat” serialining namoyishi ketayotgandi. Efir to‘xtatiladi va shoshilinch tarzda portlashlar haqida xabar beriladi. Keyinchalik axborot dasturlarida gumonlanuvchi shaxslar suratlari ham ko‘rsatiladi va ularni qo‘lga olishda asosli xabar yo‘llaganlarga 240 ming AQSh dollari miqdorida mukofot puli va’da qilinadi.


Asosiy gumondorlar sifatida diniy radikalizm yo‘lini tutganlar ko‘rildi. Umuman, mustaqillikka erishgan O‘zbekistonda 1999-yilga qadar ham vahobiylik degan umumiy nom ostida aqidaparastlik, diniy radikalizmga qarshi kurash boshlangan, ko‘pchilik javobgarlikka ham tortilgan edi.


Mazkur voqealardan keyin O‘zbekistonda xavfsizlik masalalarida keskin qarorlar qabul qilinadi, asosiy binolar to‘sib olinadi va qo‘riqlashga jiddiy ahamiyat beriladi, MXX vakolatlari kengaytiriladi, aqidaparastlik, radikalizm bo‘yicha javobgarlik kuchaytiriladi, juda ko‘pchilik bu ayblovlar bilan hibsga olinadi. Portlashlarda ishtirok etgan bir necha jinoyatchilar sud hukmi bilan oliy jazoga yoki uzoq muddatli qamoq jazolariga hukm qilinadi.


Oradan 3 kun o‘tib, Ostona shahridagi sammitda ishtirok etgan Islom Karimov matbuot anjumanida voqealar bo‘yicha va portlashlar xronologiyasi to‘g‘risida so‘zlab berdi:

“16-fevral kuni Toshkent shahrida ro‘y bergan terroristik hujumlar haqida uch qismga bo‘lib javob bermoqchiman. Birinchidan, ushbu teraktlar davlat rahbarini mamlakat tepasidan olib tashlash uchun amalga oshirildi desam ham bo‘ladi. Yanada qo‘polroq qilib aytadigan bo‘lsam, prezidentni o‘ldirish maqsadida amalga oshirildi. Odatda men majlislarga 10-15 daqiqa oldinroq kelaman. Lekin shu kuni ozroq kech qoldim, balki Alloh meni saqlagani shudir. Portlovchi moddalar to‘ldirilgan mashina bino yoniga qo‘yib ketilgan, undan tushib qochgan ikki yigit avtomatlarda o‘q uzishgan. Mana shu paytda men o‘tirgan mashina hududga kirib kelayotgan bo‘lgan. Qo‘riqlash xizmatimiz boshlig‘i Rustam Xodjayev oldimizga yugurib chiqib, qichqirib yo‘ldan qaytardi va shu tarzda mashinani to‘xtatib, mening hayotimni qutqarib qoldi. Agar yana 3-4 soniya yurganimizda portlovchi moddalar bilan to‘ldirilgan mashina yoniga kelardik va mashinamiz ham portlab ketardi."


Ekspertlarning fikricha, portlovchi moddalar joylangan mashinalarning hammasi masofadan turib portlatilgan. Portlash shunchalik kuchli bo‘lganki, o‘sha mashina parchalari 500 metrgacha uchib ketgan. Qolgan barcha portlashlar chalg‘ituvchi bo‘lgan.

Portlashlarni kim uyushtirgan degan savolga kelsak, bizga ma’lum bo‘lishicha, ular diniy ekstremistlardir. Buning ortida kim turibdi, degan savolga hozircha javob bera olmayman”.

Shundan so‘ng, mazkur voqealar yuzasidan ko‘plab kishilar hibsga olinib, bir qancha shaxslar qidiruvga beriladi. Begunoh odamlarning qoni to‘kilgan, yuzlab insonlar jarohatlangan mudhish voqeaga 25 yil to‘ldi. Bu jarayon aholining e’tiroziga sabab bo‘lib, katta iqtisodiy zarar ham keltirgan edi.

                                                                                                                                                                    Ilyos Boltayev tayyorladi.


Bu ham qiziq

Mirzo Ulug‘bekning ko‘rinishi haqidagi taxminlar

Mirzo Ulug‘bekning ko‘rinishi haqidagi taxminlar

U o‘z xulosasini AQSh olimlari kashf etgan yangicha ilmiy uslubga asoslangani bilan izohlaydi.
09:56 / 29.04.2024
Ertaga poytaxtning ikki tumanida “svet” o‘chiriladi

Ertaga poytaxtning ikki tumanida “svet” o‘chiriladi

“O‘z navbatida, yuqoridagi hududlarda ta’mirlash ishlari belgilangan vaqtdan avvalroq yakunlanishi mumkinligini bildirib o‘t…
20:57 / 30.04.2024
Noqonuniy muhojirlarni olib ketayotgan qayiq Atlantika okeanida cho‘kib ketdi

Noqonuniy muhojirlarni olib ketayotgan qayiq Atlantika okeanida cho‘kib ketdi

Ular 110 kilometr uzoqlikda cho‘kib ketgan.
12:32 / 30.04.2024
“Bu el-yurtimizning necha yillik buyuk orzusi edi” – Shavkat Mirziyoyev

“Bu el-yurtimizning necha yillik buyuk orzusi edi” – Shavkat Mirziyoyev

Prezident futbol bo‘yicha O‘zbekiston yoshlar terma jamoasiga tabrik yo‘lladi.
09:27 / 30.04.2024
Toshkent viloyatidagi 6 ta tumanga yangi radarlar o‘rnatiladi

Toshkent viloyatidagi 6 ta tumanga yangi radarlar o‘rnatiladi

Bu bo‘yicha Toshkent viloyati hokimi Zoir Mirzayev tegishli farmoyishni imzoladi.
16:32 / 30.04.2024
Qaysi hududda mas’uliyati cheklangan jamiyatlar soni ko‘proq?

Qaysi hududda mas’uliyati cheklangan jamiyatlar soni ko‘proq?

2024-yilning 1-aprel holatiga ko‘ra, ularning soni 298 338 ta.
14:55 / 29.04.2024
G‘azoda qurbon bo‘lgan OAV xodimlari soni 142 nafarga yetdi

G‘azoda qurbon bo‘lgan OAV xodimlari soni 142 nafarga yetdi

Yana bir OAV xodimi va uning o‘g‘li Isroil hujumlari qurboni bo‘ldi.
17:37 / 30.04.2024
Mirzo Ulug‘bek va Yashnobod tumanlarida tabiiy gaz yetkazib berish vaqtincha toʻxtatiladi

Mirzo Ulug‘bek va Yashnobod tumanlarida tabiiy gaz yetkazib berish vaqtincha toʻxtatiladi

Taʼmirlash ishlari tufayli Mirzo Ulug‘bek va Yashnobod tumanlarining quyidagi hududlariga 29-aprel kuni tabiiy gaz yetkazib …
10:10 / 29.04.2024
Qo‘qonda 11-sinf o‘quvchisi odam urib yubordi

Qo‘qonda 11-sinf o‘quvchisi odam urib yubordi

Qo‘qon shahrida 11-sinf o‘quvchisi mashina boshqarib odam urib yuborganligi haqidagi xabar va unda keltirilgan holatlar yuza…
09:38 / 29.04.2024
Plastik idishlarni utilizatsiya qilmaydigan mamlakatlar ro‘yxati e’lon qilindi

Plastik idishlarni utilizatsiya qilmaydigan mamlakatlar ro‘yxati e’lon qilindi

Hisobot mualliflariga ko‘ra, joriy yilda dunyoda 220 million tonna yangi chiqindilar hosil bo‘ladi.
12:28 / 30.04.2024

O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!

O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!