Prezident bugungi anjuman global geosiyosiy va iqtisodiy muammolar avj olayotgan, barqaror rivojlanish yo‘lida xavf va tahdidlar kuchayib borayotgan davrga to‘g‘ri kelayotganini qayd etdi.
Dunyo tartibotida chuqur transformatsiya jarayonlari kechmoqda. Tovar va xizmatlarni yetkazib berish zanjirlaridagi uzilishlar, xalqaro savdoning pasayishi, investitsiya oqimlarining kamayishi, iqlim ofatlarining kuchayishi – vaziyat naqadar beqaror va zaif ekanini yaqqol ko‘rsatmoqda.
Jahon iqtisodiyotining o‘sish sur’atlari so‘nggi uch yil davomida pasaymoqda. To‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar bilan bog‘liq tendensiyalar ham kutilgan umidlarni oqlamayapti.
“Albatta, biz bugun jahonda investorlar uchun mislsiz kurash ketayotganini yaxshi tushunamiz. Biroq bir o‘zgarmas haqiqat tobora oydinlashmoqda. Hech bir mamlakat bu kabi o‘tkir muammolarni yakka holda hal eta olmaydi. O‘zaro ishonch va hurmat ruhi, bir-birini qo‘llab-quvvatlash tamoyili uzoq muddatli hamkorlikning mustahkam ustuni bo‘lib qolaveradi”, – dedi Prezident.
Mamlakatimizda investitsiya va biznes muhitini tubdan yaxshilash, bu yo‘ldagi to‘siqlarni bosqichma-bosqich bartaraf etish uchun qat’iy qadamlar tashlangani qayd etildi. Har bir sarmoyador o‘zini erkin va ishonchli his qilishi uchun keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.
So‘nggi yillarda iqtisodiyotimiz qariyb ikki barobar o‘sdi. O‘tgan yil yakuni bo‘yicha bu o‘sish 6 foizni tashkil qildi. Inflyasiya 9 foizgacha pasaydi. Savdo aylanmasi ko‘rsatkichlari muttasil oshmoqda. Valyuta bozori va oltin-valyuta zaxiralari barqarorligi saqlab qolinmoqda.
Oxirgi yillarda mamlakatimizda 60 milliard dollardan ziyod xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirildi. Xalqaro moliya institutlarining 14 milliard dollardan ortiq mablag‘lari ijtimoiy va infratuzilma sohalariga jalb qilindi.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!